2011 YIL - "KICHIK BIZNES VA XUSUSIY TADBIRKORLIK YILI"
"Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili" Davlat dasturi to'g'risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori.
Mulkdorlarning o‘rta sinfini shakllantirish, ichki bozorni raqobatbardosh va sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va shu asosda aholi daromadlarini ko‘paytirish va farovonligini oshirishning muhim omili, mamlakat taraqqiyoti yo‘lidagi faol harakatlantiruvchi kuch sifatida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan keng chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish maqsadida, shuningdek, 2011 yil O‘zbekiston Respublikasida “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” deb e’lon qilinganligi munosabati bilan:
1. Quyidagi yo‘nalishlarga asoslangan “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
mamlakatimiz va uning hududlarida yanada qulay biznes-muhit yaratish, xususiy mulkchilikning ustuvorligini mustahkamlashga yo‘naltirilgan qonun hujjatlarini takomillashtirish va bu borada ishonchli kafolatlarni ta’minlash, tadbirkorlikka ko‘proq erkinlik berish, davlatning boshqaruv funksiyalari va ruxsat beruvchi normalarni qisqartirish, byurokratik to‘siq va g‘ovlarni olib tashlash, kichik biznes subyektlarining moliya-kredit va xomashyo resurslaridan, ular ishlab chiqaradigan mahsulotlarga davlat buyurtmalari berilishidan keng foydalanishini ta’minlaydigan bozor vositalari va mexanizmlarini tatbiq etish;
davlat va nazorat organlarining tadbirkorlik subyektlari moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashuvini keskin qisqartirish;
kichik korxonalar tashkil qilish hamda kichik korxonalar va tadbirkorlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-qoidalarini yanada soddalashtirish, kichik biznes subyektlarini qurish va ularni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash, noturarjoy xonalari va zarur yer uchastkalarini ajratib berish borasidagi masalalarni hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni qabul qilish;
kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi uchun soliq va boshqa to‘lovlar bo‘yicha yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, imtiyoz va preferensiyalar berish, hisobotlar tizimi hamda moliya, soliq va statistika organlariga hisobotlar topshirish mexanizmini takomillashtirish va unifikatsiyalash;
kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga kreditlar berish mexanizmini yanada takomillashtirish va ularning hajmini oshirish, birinchi navbatda, investitsiya maqsadlariga, boshlang‘ich sarmoyani shakllantirishga kreditlar ajratish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish hamda texnologik yangilash uchun o‘rta va uzoq muddatli kreditlar berish;
kichik biznesni rivojlantirishga xorijiy investitsiyalarni, avvalambor, xalqaro moliya institutlarining kreditlarini hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni keng jalb etish va yo‘naltirish;
sanoat tarmoqlarida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hamda yuqori texnologiyaga asoslangan zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun keng imkoniyatlar yaratish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan ishlab chiqarishga innovatsion texnologiyalar joriy etilishini rag‘batlantirish;
kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining tashqi iqtisodiy faoliyatdagi ishtirokini kengaytirish masalalarini tubdan hal etish, ularning eksport salohiyatini oshirishga, eksportga mo‘ljallangan mahsulotini jahon va mintaqaviy bozorlarga olib chiqishga ko‘maklashish;
kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini axborot bilan ta’minlash, shuningdek, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish masalalarida ularga konsultativ ko‘mak berish tizimini yanada rivojlantirish.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 14 dekabrdagi F-3539-son farmoyishiga muvofiq tuzilgan Respublika komissiyasi zimmasiga “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturining bajarilishini tashkil etish va uning monitoringini olib borish vazifasi yuklansin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari boshchiligida tegishli hududiy komissiyalar tashkil etilsin, ularning zimmasiga Dasturda ko‘zda tutilgan tadbirlar respublika hududlarida belgilangan muddatlarda so‘zsiz va sifatli amalga oshirilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
Bunda quyidagilarga:
tadbirkorlarning o‘z ishini ochishi bilan bog‘liq masalalarda sodir bo‘layotgan aniq o‘zgarishlarga;
kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari – energiya va gaz ta’minoti, suv va issiqlik ta’minoti hamda boshqa tarmoqlarga ulanishi bo‘yicha shart-sharoitlarning yaxshilanishi va muddatlari qisqartirilishiga;
tadbirkorlik subyektlariga yer uchastkalari, shuningdek, noturarjoy xonalar ajratib berish bilan bog‘liq holat qanchalik yaxshilanganiga;
kichik biznes subyektlari faoliyatini tekshirish va boshqa ortiqcha cheklashlarni, davlat va nazorat organlarining tadbirkorlar moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashuvini qisqartirish borasidagi ishlarning ahvoli qay tarzda o‘zgarayotganiga;
kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga tijorat banklari tomonidan kreditlar ajratilishi bilan bog‘liq ishlarning ahvoli qanchalik o‘zgarganiga alohida e’tibor qaratilsin.
3. “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturini amalga oshirish bo‘yicha Respublika komissiyasi (SH.M.Mirziyoyev):
ikki hafta muddatda respublika davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, boshqa tashkilotlar tomonidan har bir vazirlik va idora, mintaqa, shahar, tuman va aholi punkti bo‘yicha “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili”ning hududiy va tarmoq dasturlari ishlab chiqilishi hamda qabul qilinishini ta’minlasin;
“Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturi bo‘limlari va bandlarini to‘liq, sifatli va o‘z vaqtida bajarish bo‘yicha respublika davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar darajasida ishlar muvofiqlashtirilishini tashkil etsin, Dasturga kiritilgan tadbirlar amalga oshirilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatsin;
Dasturning amalga oshirilishi to‘g‘risidagi materiallarni yilning har choragida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlislarida ko‘rib chiqsin;
har chorak yakunlari bo‘yicha “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlar bajarilishi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoniga axborot berib borsin.
4. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar eksporti hajmi o‘sishiga muhim ahamiyat berilgani holda O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda:
tovarlar va xizmatlar eksporti hamda importi bo‘yicha statistik hisobot shakllariga kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan ishlab chiqarilgan tovarlar hamda ko‘rsatilgan xizmatlar eksporti ko‘rsatkichlari bo‘yicha alohida bo‘lim kiritsin;
har chorakda Vazirlar Mahkamasiga kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan ishlab chiqarilgan tovarlar va ko‘rsatilgan xizmatlar eksporti hajmlari hamda tarkibi to‘g‘risidagi hisobotni taqdim etib borsin.
5. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, ommaviy axborot vositalari:
aholi, ayniqsa tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturining maqsad va vazifalari keng ko‘lamda tushuntirilishini;
respublika davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishga qo‘shgan aniq hissasini aks ettirgan holda, Dasturning amalga oshirilishi muntazam yoritib borilishini ta’minlasinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri SH.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov
Toshkent shahri, 2011 yil 7 fevral
“Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturi haqida.
Farg'ona Viloyati hokimining qarori.
Keng qamrovdagi muayyan maqsadga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qulay sharoitlar tashkil etish uchun yuksalish yo‘lidagi faol xarakatlanuvchi kuch sifatida, ichki bozorni raqobatbardosh va sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, shuningdek, daromadlarni oshishini ta’minlash, aholi farovonligini oshirish hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 7 fevraldagi “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili Davlat dasturi to‘g‘risida”gi PQ-1474-sonli qarorining bajarilishini ta’minlash maqsadida,
Q A R O R Q I L A M A N:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 7 fevraldagi “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili Davlat dasturi to‘g‘risida”gi PQ-1474-sonli qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Shahar, tuman hokimliklari, boshqarmalar, korxonalar va idoralar, jamoat tashkilotlari hamda tijorat banklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” viloyat hududiy dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Unda quyidagilar asosiy vazifalar etib belgilansin:
- tadbirkorlikka keng yo‘l ochib beruvchi va uni ishonchli kafolatlovchi hamda turli cheklovlarni qisqartirish orqali kelgusida xususiy mulkchilik ustuvorligiga yo‘naltirilgan qonunchilikni rivojlantirish natijasida eng qulay biznes muhitni yaratish;
- korxonalarning moliyaviy-xo‘jalik ishlariga davlat va boshqa nazorat organlarining aralashuvini keng miqiyosda qisqartirish;
- kichik korxonalarni tashkil etish va ro‘yxatdan o‘tkazish shartlarini soddalashtirish, kichik biznes sub’ektlarini qurilishi va ularni muxandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash masalalarini hal qilish;
- kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi uchun soliq va boshqa to‘lovlarni amalga oshirishda imtiyozlar berish va qulay imkoniyatlar yaratish, moliya, soliq va statistika organlariga hisobot topshirish tizimini takomillashtirish va soddalashtirish;
- kelgusida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga kreditlar berish hajmini oshirish va mexanizmini takomillashtirish;
- kichik biznesni rivojlantirish uchun xorijiy investitsiyalarni, avvalambor xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlarini va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni keng jalb qilish;
- sanoat tarmoqlarida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlar tashkil etish;
- tashqi iqtisodiy faoliyatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokini kengaytirish;
- kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini axborot bilan ta’minlash va ularga maslahat berishning tizimini yanada rivojlantirish, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish.
3. “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Dasturini amalga oshirish maqsadida viloyat komissiyasi tuzilsin va uning tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Viloyat komissiyasi a’zolaridan “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” viloyat hududiy dasturining asosiy bo‘limlarini amalga oshirish bo‘yicha 3-ilovaga muvofiq tarkibda Kengash tashkil etilsin.
4. Joylarda “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” viloyat hududiy dasturi chora-tadbirlarini o‘z vaqtida va samarali bajarilishini ta’minlash maqsadida viloyat komissiyasi a’zolari tarkibidan har bir hududga biriktirilgan viloyat boshqarma, korxona rahbarlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Viloyat komissiyasi va “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” viloyat hududiy dasturini amalga oshirish bo‘yicha kengash hamda hududlarga biriktirilgan mas’ullar zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatilsin:
- ikki hafta muddatda boshqarmalar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, shahar, tuman hokimliklari tomonidan har bir idora, aholi punkti, tuman va shahar bo‘yicha “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” hududiy va tarmoq dasturlarining ishlab chiqilishi va qabul qilinishini ta’minlasinlar;
- har chorak yakuni bo‘yicha “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” viloyat hududiy dasturi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida viloyat hokimligiga axborot berib borish;
- shahar, tuman hokimlari raisligida Dasturni amalga oshirish bo‘yicha komissiyalar tashkil etish maqsadga muvofiq deb hisoblansin, ularga Dasturda belgilangan chora-tadbirlarini bajarish va uni to‘liq amalga oshirilishi ustidan qat’iy nazorat olib borish vazifalari topshirilsin.
Ushbu bandni bajarish maqsadida alohida e’tibor:
- tadbirkorlar tomonidan o‘z ishini boshlashdagi tug‘ilayotgan cheklovlar to‘g‘risidagi savollar;
- kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini muxandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish muddatlarini qisqartirish va qulay sharoitlar yaratish;
- tadbirkorlik sub’ektlariga bino va kerakli yer maydonlarini ajratishdagi ahvolini yaxshilash;
- davlat va nazorat organlarining kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashuvini yanada keskin kamaytirish evaziga vaziyat qay darajada o‘zgarishiga;
- kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga tijorat banklari tomonidan kreditlar ajratish vaziyati o‘zgarishiga.
6. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan chetga mahsulotlarni sotayotganligiga alohida e’tibor qaratgan holda viloyat Iqtisodiyot Bosh boshqarmasi (A.Raxmonov), Statistika boshqarmasi (S.SHamshiddinov) bilan birgalikda, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo boshqarmasi (R.Sulaymonov), Bojxona boshqarmasi (S.Abduxalilov):
- kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan tashqariga chiqarilayotgan mahsulotlar, ular tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar va amalga oshirilayotgan eksport hajmlarini to‘liq monitoringini hamda qamrovini yo‘lga qo‘yish;
- chorak yakuni bilan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar va tovarlar eksporti tarkibi aniq hisobotini shakllantirib borsinlar.
7. “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” viloyat hududiy dasturi bajarilishini tahlil qilish, muvofiqlashtirish va natijalarini viloyat hamda Respublika komissiyasiga taqdim etish maqsadida viloyat hokimligida “Monitoring guruhi” tashkil etilsin.
“Monitoring guruhi”ga viloyat Iqtisodiyot Bosh boshqarmasi (A.Raxmonov), Statistika boshqarmasi (S.SHamshiddinov), Markaziy bank Bosh boshqarmasi (S.Qo‘chqorov), Davlat Soliq boshqarmasi (A.Tillavoldiev) va Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish Bosh boshqarmasi (F.Qosimov) bittadan xodimlar ajratsinlar hamda ularni joriy yilning
15 fevralidan “Monitoring guruhi”ga yuborsinlar.
“Monitoring guruhi” tarkibida faoliyat ko‘rsatadigan xodimlarning oylik ish xaqlari asosiy ish joylaridan to‘lab borilishi belgilab qo‘yilsin.
8. Viloyat hokimligi ishlar boshqarmasi (M.Raxmonov) “Monitoring guruhi”ni alohida xona va barcha zarur jihozlar, inventar, shu jumladan kompьyuter texnikalari, faks apparati hamda kantselyariya tovarlari bilan ta’minlash ishlarini hal etsin.
9. Viloyat boshqarma, idora va tashkilotlarda “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” viloyat hududiy dasturini bajarilishini ta’minlash bo‘yicha ishchi guruhar tashkil etish hamda dasturni bajarilishi yuzasidan har oyning 5 sanasiga viloyat hokimligi “Monitoring guruhi”ga axborot berib borilishini ta’minlasin.
10. Viloyat Teleradiokompaniyasi (I.Xalimbekov), “Farg‘ona haqiqati” gazetasi tahririyati (B.Obidjonov) va boshqa mahalliy ommaviy axborot vositalari:
- “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturini ahamiyatini aholi ayniqsa tadbirkorlik sub’ektlari orasida keng tushuntirish va targ‘ibot ishlarini olib borilishini ta’minlasinlar;
- xo‘jalik va boshqaruv idoralari tomonidan Davlat dasturi doirasidagi amalga oshirilayotgan tadbirlardagi roli va o‘rnini tizimli ravishda yoritib borsinlar.
11. Mazkur qarorni ijrosini nazorat qilishni o‘z zimmamda qoldiraman.
Viloyat hokimi X.Nematov
2010 YIL - "BARKAMOL AVLOD YILI" (arxiv)
|